Bosh sahifa Xujjatlar Ta’lim-tarbiya jarayonida xalqaro hamkorlik

Ta’lim-tarbiya jarayonida xalqaro hamkorlik

Печать

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan yangilash, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishga doir muhim masalalar belgilangan.

Prezidentimizning joriy yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Qarorda oliy ta’lim muassasalari jahonning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishi, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy qilishi belgilangan. O‘quv-pedagogik faoliyatga, malaka oshirish kurslariga xorijdagi ta’lim muassasalaridan yuqori malakali o‘qituvchilar va olimlarni faol jalb qilish, magistrant, yosh o‘qituvchi va ilmiy xodimlarning xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda amaliyot o‘tashini, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirishni tashkil qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markaz tinglovchilari bilan Buyuk britaniyalik mutaxassis Molli Xarvining uchrashuvi tashkil etildi. M.Xarvining kitoblari xalqaro ko‘lamda juda ommabop bo‘lib, u ko‘plab yirik xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilib keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markaz va Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Bosh ilmiy-metodik markaz direktori U.Begimqulov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mustaqil fikrlaydigan, barkamol yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Bu borada pedagog kadrlarning kasb mahoratini oshirish, xorijlik mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashish muhim ahamiyatga ega.

Mazkur uchrashuv ham ta’lim boshqaruvining asoslarini takomillashtirish, sohada yuqori natijalarni qo‘lga kiritish va o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi.

Uchrashuvda Molli Xarvi ta’lim tizimida boshqaruvning asosiy jihatlari, rahbar kadrlarning ish yuritishdagi dolzarb vazifalari, sohada muvaffaqiyatga erishishning sirlarini o‘z tajribasi misolida so‘zlab berdi.

– O‘zbekistonda ta’lim-tarbiya, pedagog kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi samarali tashkil etilgan, – deydi Molli Xarvi xonim. – 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham bu jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan. O‘qituvchi va pedagoglar xorijiy tillarni o‘zlashtirayotgani, turli davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikda ish olib borilayotgani va mahorat darslari tashkil etilayotgani soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.


http://www.uza.uz/uz/