Bosh sahifa Xujjatlar Investitsiya loyihalari samarasi

Investitsiya loyihalari samarasi

Печать


Suratda: Operator Leninza Bekchanova. A’lo Abdullayev (O‘zA) olgan surat.

“O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi joriy yilning birinchi choragida Prezidentimiz Islom Karimovning 2010 yil 15 dekabrda qabul qilingan “2011-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha sakkizta investitsiya loyihasini amalga oshirdi.

To‘qimachilik sanoatini izchil rivojlantirish O‘zbekiston eksport siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridandir. Barqaror xomashyo bazasining mavjudligi, paxta tolasining yuqori sifati, resurslardan foydalanish imkoniyatlari kengligi, yuqori malakali ishchi kuchi tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirmoqda. Mamlakatimiz eksport salohiyatini xomashyodan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotga reja asosida qayta yo‘naltirish ishlab chiqarishi tugallangan zamonaviy to‘qimachilik komplekslarini tashkil qilishni taqozo etmoqda.

“O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasida umumiy qiymati 26,87 million AQSH dollariga teng sakkizta investitsiya loyihasini amalga oshirish hisobidan shu yilning oxirigacha qo‘shimcha 12,6 ming tonna yigirilgan ip, 9,5 million dona trikotaj buyum, 530 tonna bo‘yalgan trikotaj polotno olish va 1 ming 400 nafardan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlash mo‘ljallanmoqda.

Shunday investitsiya loyihalaridan biri “O‘zbekengilsanoat” DAK tarkibiga kiradigan poytaxt viloyatidagi “Plasteks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirildi. Paxta tolasining ikkinchi navidan yuqori sifatli ip ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi kompleksning qiymati 14 million dollarni tashkil qildi. Ayni paytda korxona yiliga 5,8 ming tonna ip ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Yangi kompleks sifat va xavfsizlik bo‘yicha barcha jahon standartlariga javob beradi. Bu yerda Italiya, Germaniya, Shveysariyaning yetakchi to‘qimachilik-mashinasozlik kompaniyalarida ishlab chiqarilgan yangi avlod texnologik uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, bu ishlab chiqarishni xomashyo tayyorlashdan to tayyor mahsulotni qadoqlashgacha xalqaro talablar darajasida tashkil etish imkonini berdi.

Zamonaviy texnologik va qurilish-montaj normalariga javob beradigan “Plasteks” yigiruv fabrikasi 2009 yilda foydalanishga topshirilgan edi. Halqali va pnevmoyigiruv dastgohlarida ip ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan mazkur fabrika to‘quvchilik korxonalarini sifatli xomashyo bilan ta’minlamoqda.

“Plasteks” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Asqar Inog‘omovning aytishicha, davlatimiz rahbari va O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan qabul qilingan qator hujjatlar to‘qimachilik tarmog‘i ishlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, sotib olingan yoki ishonchli boshqaruvga topshirilgan mulk negizida qayta tashkil etilayotgan to‘qimachilik korxonalari uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilgan. Davlatimiz tomonidan to‘qimachilik tarmog‘ining jozibadorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar nafaqat xorijiy, balki mahalliy sarmoyadorlar bilan ham yirik shartnomalar tuzish imkonini bermoqda. Faqat mamlakatimiz sarmoyadorlari mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan “Plasteks” yigiruv fabrikasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Avvaliga fabrikada kard va taroqli liniyalardan iborat bitta halqali yigiruv kompleksi faoliyat ko‘rsatdi. Qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish evaziga paxta tolasining ikkinchi navidan ip ishlab chiqarish bo‘yicha pnevmoyigiruv kompleksi ham ishga tushirildi. Bu yerda o‘rnatilgan uskunalar ishlab chiqarish jarayonini ikki baravar tezlashtirish va yiliga qariyb 8,3 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash imkonini bermoqda. Muxtasar aytganda, korxona yiliga 12 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash va 9 ming tonnadan ziyod yuqori sifatli kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega.


Suratda: Katta laborant Gulbahor Axmedova. A’lo Abdullayev (O‘zA) olgan surat.

“Plasteks” fabrikasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar maxsus laboratoriyada tekshiruvdan o‘tkazilmoqda va bu ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida uning sifatini nazorat qilish imkonini berayotir.

– Korxonamiz bazasida ishlab chiqarishni boshqarishning zamonaviy uslublaridan foydalanilmoqda, – deydi Asqar Inog‘omov. – Vaqtni tejash va uskunalardan yanada unumliroq foydalanish maqsadida fabrika ishchilari uch smenada mehnat qilmoqda. Ular uchun barcha maishiy shart-sharoitlar yaratilgan. Ma’muriy binoda kichkina mehmonxona ham bor. Bundan tashqari, korxona hududida avariya holatlarida elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan mustaqil elektr transformatorli stansiyalar va generatorlar, yong‘inni o‘chirish tizimi uchun suv to‘planadigan va saqlanadigan hovuzlar, omborxona inshootlari mavjud. Bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy to‘qimachilik korxonasiga xos barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, yangi kompleksning ishga tushirilishi qo‘shimcha 150 ish o‘rnini yaratish imkonini berdi va endi ishlab chiqarish jarayoniga 500 kishi jalb etildi. Xodimlar tarkibini shakllantirishda yosh mutaxassislar – kasb-hunar kollejlari, birinchi navbatda, Yangiyo‘l shahri va yaqin tumanlardagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga alohida e’tibor berildi.

Ish beruvchilar bilan korxona ishchilarining hamkorligi uzoq istiqbolga mo‘ljallangan. Shu sababli jamiyat rahbariyati korxonaning o‘zida, xorijda va o‘quv yurtlarida kadrlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Tajribali mutaxassislar kasb-hunar kollejlari bilan yaqin hamkorlikda o‘quv yurtlarida nazariy, “Plasteks” fabrikasida esa amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.

Bunday zamonaviy ishlab chiqarish komplekslari O‘zbekistonning to‘qimachilik salohiyati yuksalib borayotganidan dalolatdir. 2011 yilda «O‘zbekengilsanoat» DAK yana 20 investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

O‘zA, M.Mametova, 06.04.2011 18:24  http://www.uza.uz

Ma`lumotlar markazi

Call center +99871 253 36 66