Umumiy ma`lumotlar

Печать

Institut 1932 yilda paxtani dastlabki ishlash, yigirish, to‘quvchilik va ipak texnologiyasi kafedralari faoliyatlari bilan tashkil etilgan bo‘ib, bugungi kunda 4 ta fakultet, 26 ta kafedralar faoliyat ko‘rsatmoqda. 12 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar, 21 ta mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda.
Institut o‘zining ko‘p yillik faoliyati davomida bir qancha yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarga ham oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlab berdi.
Hozirgi kunda institutda 3450 dan ziyodroq talabalar tahsil olmoqdalar. Ularga institutning 340 nafar professor-o‘qituvchilari, shu jumladan, 2 ta akademik, 26 nafar fan doktorlari, 165 nafar fan nomzodlari, dotsentlar samarali ta’lim bermoqdalar va bir vaqtning o‘zida ular 25 ta dolzarb mavzular bo‘yicha keng qamrovli ilmiy ishlarni olib borib natijalarini ishlab chiqarishga, o‘quv jarayoniga tadbiq etmoqdalar.
Institutda ko‘p bosqichli uzluksiz ta’lim tizimi to‘liq shakllanmoqda. Institut qoshida 1998 yildan Respublikada birinchilar qatori tashkil etilgan Akademik litsey faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Institut Respublikadagi o‘z yo‘nalishlariga mos 560 tadan ortiq kasb-hunar kollejlariga standartlar, o‘quv dasturlari, darslik, ma’ruza matnlarini yaratilishda yaqindan yordam berib kelmoqda.
Institutda kasb-hunarga o‘rgatish va test sinovlariga tayyorlash markazi, paxta tozalash, to‘qimachilik va yengil sanoat korxonalari mutaxassislari, kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari va oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xalqaro To‘qimachilik Akademiyasiga, Xalqaro matbaa Assotsiatsiyasiga, Xalqaro ipak uyushmasiga a’zo bo‘ldi. Institut xorijiy mamlakatlarning 20 dan ortiq turdosh oliy o‘quv yurtlari bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan. 200 dan ziyod professor-o‘qituvchilar va katta ilmiy xodimlar Germaniya, Angliya, Belgiya, Braziliya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya, Gretsiya, Shvetsariya, Shvetsiya, Chexiya, Hindiston, Polsha, Isroil mamlakatlarining o‘quv markazlarida malakalarini oshirib keldilar.
Mustaqillik yillarida institut jamoasi 6 mln. dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyani olishga erishdi.
Jumladan, Yaponiya Hukumatining 4 mln. dollar miqdoridagi beg‘araz yordami tufayli keltirilgan eng zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari va uskunalari institutning moddiy-texnika bazasini yanada yangiladi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida yagona to‘qimachilik mahsulotlari sertifikatsiya markazi «CENTEXUZ» tuzildi va zamonaviy ravishda jihozlandi.
Iqtidorli talabalar Akademiyasi qoshidagi Talabalar modalar teatri, Talabalar konstruktorlik byurosi, Talabalar ilmiy-texnika tarjima byurosi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, talabalar uchun institut tarixi muzeyi, Akademik M.A.Xojinova xona-muzeyi, kompyuter markazi, sihatgoh, profilaktoriya, «Yoshlik» sport klubi, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Xumson qishlog‘ining so‘lim tog‘ bag‘ridagi «Rohat» sport – sog‘lomlashtirish lageri ham talabalarimiz ixtiyorida.
Talabalar shaharchasida 1500 o‘ringa mo‘ljallangan 4 ta talabalar turar joylari mavjud. Viloyatlardan kelgan barcha talabalarga talabalar turar joylari yorug‘, shinam xonalardan joy beriladi. Barcha talabalar turar joylarida Ma’naviyat va ma’rifat markazi, o‘quv, dam olish, sport xonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘qishda, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol bo‘lgan eng iqtidorli talabalar uchun tarixiy meroslarga boy navqiron va qadimiy shaharlarimiz - Samarqand, Buxoro, Xiva, Shaxrisabzlarga sayohatlar tashkil etilmoqda.
  Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining serqirra faoliyati bilan Sizlarni tanishtirdik. Har bir aziz mehmonimizga, yoshlarga Markaziy Osiyoda yagona va Respublika oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘z nufuziga ega ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha bakalavr va magistrlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtimizga xush kelibsiz, deb qolamiz!